YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini yoritish uchun xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiya qilish to‘g‘risida Samarqand, 2025 yil

O‘zbekiston Respublikasida xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish va muxbirlik vakolatxonalarini ochish tartibi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 24-fevraldagi 33-son qarori bilan tasdiqlangan “Xorijiy ommaviy axborot vositalari muxbirlarining O‘zbekiston Respublikasi hududidagi kasbiy faoliyatini tartibga soluvchi asosiy qoidalar”ga muvofiq amalga oshiriladi.

Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan YuNESKOning 43-sessiyasini yoritish niyatida bo‘lgan xorijiy OAV vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish quyidagi hujjatlar asosida amalga oshiriladi:

Akkreditatsiya qilinayotgan muxbirning maqsadini bayon qilgan holda xorijiy ommaviy axborot vositasi rahbarining akkreditatsiya qilish to‘g‘risidagi rasmiy xati;

Xorijiy OAV haqida umumiy ma’lumot;

Muxbirning tarjimai holi (CV), pasport nusxasi va 3,5x4,5 sm o‘lchamdagi to‘rtta fotosurat.

Ariza xati O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik yoki konsullik vakolatxonalari orqali yoki bevosita O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga topshiriladi.

Vaqtinchalik xorijiy muxbirni akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror ariza qabul qilingan kundan boshlab ikki hafta ichida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan qabul qilinadi. Ijobiy qaror qabul qilingach, Tashqi ishlar vazirligi akkreditatsiyadan o‘tgan muxbirga tadbirni yoritish huquqini beruvchi akkreditatsiya guvohnomasini beradi.

Kirish vizalari xorijiy muxbirlarga O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi roziligi bilan xorijdagi diplomatik vakolatxonalar yoki konsullik idoralari tomonidan beriladi.

Akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy muxbirlar kasbiy faoliyati davomida O‘zbekiston qonunchiligi va O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida belgilangan huquqlardan foydalanadi va majburiyatlarni bajaradi.

Akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy muxbir O‘zbekistonda mavjud xalqaro aloqa vositalari orqali o‘zining ommaviy axborot vositasiga og‘zaki, yozma yoki audiovizual axborotni uzatish huquqiga ega.

Xorijiy muxbirning huquqlari, sha’ni va qadr-qimmati qonun bilan himoyalangan. Davlat xorijiy muxbirga axborotni erkin olish va tarqatish kafolatini beradi hamda uning kasbiy faoliyatini amalga oshirishda himoya qiladi. Akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy muxbirning kasbiy faoliyatiga aralashish yoki u tomonidan kasbiy faoliyati doirasida olingan axborotni talab qilish taqiqlanadi.

O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy muxbirlarga amaldagi konstitutsion tuzumni zo‘ravonlik bilan o‘zgartirishga da’vat etish, respublikaning hududiy yaxlitligiga tajovuz qilish, urush, zo‘ravonlik, shafqatsizlikni targ‘ib qilish, milliy, irqiy va diniy adovatni qo‘zg‘atish, O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashish, fuqaroning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish, uning shaxsiy hayotiga aralashish va boshqa qonunchilikda javobgarlik belgilangan harakatlarni amalga oshirish qat’iyan man etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tmagan xorijiy muxbirlarning O‘zbekiston hududida kasbiy faoliyat yuritishi taqiqlanadi va bu qonuniy javobgarlikka olib keladi.

Akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy muxbirlar O‘zbekiston Respublikasi hududida erkin harakatlanish huquqiga ega, faqat tashrif buyurish taqiqlangan yoki maxsus ruxsat talab qilinadigan joylar bundan mustasno. Hudud bo‘ylab safar chog‘ida xorijiy muxbirda akkreditatsiya guvohnomasi bo‘lishi shart.